MILLIY BREND TIZIMINI SHAKLLANTIRISH VA KORXONALARDA BRENDING MEXANIZMINI AMALGA OSHIRISH ISTIQBOLLARI

Mirzajonov Xusniddin Xabibullo o‘g‘li

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

Mamlakatimizning ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyotiga bosqichma – bosqich o‘tishga asoslangan hozirgi siyosati, korxonalar va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilish va korxonalardagi iqtisodiy munosabatlarni bozor iqtisodiyoti talablariga moslashtirish zaruriyatini keltirib chiqaradi.

Har bir korxona raqobatda kutilmagan tadbirlarni amalga oshirish natijasida biznes sohasida yangi rivojlanish yo‘llari ortib bormoqda. Iste’molchilar va mahsulot yetkazib beruvchilar orasidagi munosabatlarni bozor tamoyillari orasida tartibga solishning bugungi bosqichida tovar ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarish, sotish strategiyasini takomillashtirish, shuningdek brending siyosatini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir

Brendingning mamlakatimizdagi muvaffaqiyatli misollariga e’tibor bersak, hammasi ham unchalik yomon emasligini ko‘ramiz.

Tabiatiga ko’ra brending 2ta amaliy maqsadga ega.

Birinchisi, Brending — bu muloqotning amaliy quroli. Ishlab chiqaruvchi va xaridor o‘rtasidagi muloqot. Va bu muloqot qanchalik to’g’ri yo‘lga qo‘yilsa, korxonaning brending siyosati natijasi shunchalik samaraga ega bo’ladi. Shuning uchun biz, bozor qatnashchilari orasidagi muloqotni tashkil qilish san’atini – brending deb ataymiz.

Ikkinchisi, brending – raqobatdan ajralish qurolidir.

Davlatimizda ikkinchi maqsad bilan ahvol unchalik ham yaxshi bo’lmasa (chunki, o‘z segmentlarida yangi bo’lgan va foyda haqida vaqtincha qayg’urmaydigan mahsulotlar juda ko‘p), birinchisi bilan hammasi o‘z o‘rnida bo‘lishi kerak.

Sifatli mahsulot ishlab chiqarishiga qaramay, o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining odatiy muammosi – ular qadoqlash, qadoq dizayni va reklamadan to‘g‘ri va samarali foydalanishmaydi. Tashqi ko‘rinishidan sifatsiz bo‘lgani uchun, biz ishlab chiqargan mahsulotlar qo‘shni mamlakatlar bilan raqobatlasha olmayapti.

Qachongacha o’zbek iste’molchisi: “O‘zbekiston mahsulotlarini sotib olish o‘rniga, yaxshisi Qozog‘istonning mahsulotidan (yog‘, pishloq) ola qolay” degan fikr bilan yashaydi. Rossiyaning mahsulotlari haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Ular allaqachon chiroyli qadoqlanib, reklama qilib berilgan. Birinchi mulohaza. O‘zbekistonda brendlar kerakmi?

Ha, ular bor. Iste’molchi uchun kurashayotgan viloyatlarda brending jarayoni sekin asta rivojlanib kelmoqda. Ularning ko‘pchiligi hali brend darajasiga chiqmagan bo‘lsada, lekin bor. Uyali operatorlar, sharbatlar, mineral suvlar mamlakatda peshqadamdir. Qolganlari esa o‘z imkoniyatlari va brend kuchidan yetarlicha foydalana olmayaptilar.

Ko’pchilik, fransuzlarning “Grey Goose”i bilan ruslarning “Столичная” aroqlari o’rtasidagi farqini kuchli marketing va reklamaning to‘g’ri yo‘lga qo‘yilganidan deb bilmaydi. Vaholanki shunday, aynan yuqoridagi 2 omil tufayligina “Grey Goose” o‘z sohasida yetakchi. Aroq bozori faqat brending asosida ushlab turiladi. Bir xil tarkib, bir xil ta’m va bir xil texnologiya. Hammasi bir xil, faqat “Grey Goose” dagi elitpozitsiya va elit reklamalardan boshqa. Shuning uchun “Grey Goose” premium klassdagi tovar, “Столичная” bo’lsa odatiy iste’mol uchun deb e’tirof etiladi.

Huddi shu ishni bizning mahsulotlar bilan ham qilish mumkin. Maqsadning aniq qo’yilishi, maqsadli auditoriyani to’g’ri tanlash, chiroyli qadoq va reklama orqali Toshketda ishlab chiqarilgan makaronlarni brendga aylantirish va yuz minglab uy bekalarining ishonchini qozonish bilan birga ular xohlayotgan narsani taqdim etish mumkin.

Bunda narxni to’g’ri tanlash ham o’ta muhimdir. Albatta ishlab chiqaruvchi narxni o’zi belgilaydi, lekin bozorda o’z o’rnini egallash uchun mahsulot narxini va shu bilan birga sifatini ham ozgina tushirish kerak bo’ladi. Agar past narxli strategiya tanlansa, barcha hududlarda bemalol raqobat qilish mumkin bo’ladi. Lekin agar maqsad – hammasini tezroq sotish bo’lsa, ehtiyotkorlik talab etiladi. Chunki haridor unga ikkinchi imkoniyatni bermasligi mumkin. Ular birinchi marta olgan mahsuloti “yomon”, yoki “brak” chiqsa, boshqa ishlab chiqaruvchini qidirishadi. Va bu tushumning kamayishiga olib keladi.

Ikkinchi yo’li – haridorlarni o’z statusini saqlab qolish orqali ushlab qolish. Buning iloji bor va ko’plab kompaniyalar shu usuldan foydalanadi. Bu ham brendingning bir ko’rinishi.

Ikkinchi mulohaza: O’zbek ishlab chiqaruvchilari g’arbiy marketing modeliga tayyormi?

Kotler, Traut va hatto Igor Manning marketing modellari va tadqiqotlari bizning o’zbek bozorimizda unchalik ham qabul qilinavermaydi. Qo’llanilsa ham, doimiy ravishda emas.

Misol uchun, maqsadli auditoriya bo’yicha ma’lumotlar to’plashni hech kim inkor qilmagan, lekin SWOT tahlil (kompaniyaning kuchli, kuchsiz tomonlari, imkoniyatlari va xavf-xatarlariga asoslangan bozor holati tadqiqoti)ni biz misol qilib keltirayotgan makaronlar bo’yicha o’tkazish ma’nosiz bo’lsa kerak.

Ko’pchilik ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko’rsatish korxonalari “brendingda pul yo’q” deb o’ylashadi. Ammo, ulgurji tovar ishlab chiqaruvchilar, shunga e’tibor berish kerakki, hozirda chakana savdo tarmoqlari “brendingda pul yo’qligi”dan foydalanib, ularning o’rnida o’z brendlarini keng targ’ib qilishmoqda, hamda rastalardagi joylarini egallashmoqda.

Har qanday inson, jumladan, o’zbek iste’molchisida ham u iste’mol qiladigan va “o’zimizniki” deb o’ylaydigan mahsulotlar ro’yxati bor, shuningdek, “mavqei past” deb hisoblaydigan mahsulotlar ro’yhati ham bor.

Agar “o’zining” mahsuloti uning uchun hamyonbop bo’lmasa, u ikkinchi ro’yxatdagi mahsulotga e’tibor bermay, balki boshqa, unga nisbatan tasavvuri kamroq bo’lgan mahsulotni tanlaydi va buni yangi narsani tatib ko’rish xohishi bilan oqlaydi.

Huddi mana shu yerda, aynan mahsulotlar almashinuvi paytida korxonada o’zining brendini iste’molchilarga namoyish qilish imkoniyati paydo bo’ladi, albatta agar uning brendi mavjud bo’lsa.

Xulosa: iste’molchilar o’zimizning milliy brendlarni qabul qilishga tayyor!

Baxtimizga yoki baxtga qarshi “qanday qilib muvaffaqiyatli brend yaratish mumkin?” degan savolga javob yo’q. Bu savolga javob berish, huddi “qanday qilib million (USD) topish mumkin?” degan savolga javob berish bilan barobar. Biror belgi yoki oddiygina “N” harfini tasvirlash, uni ilgari surish uchun ancha mablag’ sarflanishi mumkin va bu juda taniqli harf yoki biror belgining ko’rinishi bo’lib qolishi mumkin. Lekin bu brend bo’lib qolishiga hech kim kafolat bera olmaydi.

Quyida brend yaratishda kerak bo’lishi mumkin bo’lgan takliflar berilgan.

1. Hech kim siz uchun brend yaratib bermaydi

Bo’lajak brendni yaratish haqidagi g’oya sizniki bo’lishi kerak. Bo’lajak brendning egasi sifatida siz brendning ma’nosini, iste’molchilar uchun u nima bo’lishini, iste’molchi sifatida kimlarni ko’rishni xohlayotganingizni aniq bilishingiz kerak. Brending agentliklari sizga turli xil konsepsiya taklif qilishlari, uning tashqi ko’rinishini shakllantirib berishlari, brendni iste’molchiga yetkazishga yordam berishimumkin. Agentliklar turli bozorlarda har xil iste’molchilar bilan ishlash tajribasiga ega bo’lib, siz ko’rmay o’tkazib yuborgan biror narsani ko’rishlari mumkin. Shuningdek, ular hatto savdo belgisini to’g’ridan – to‘g‘ri bozorga olib chiqishlari mumkin. Ammo brendning “otasi” siz bo’lishingiz kerak.

Brend g’oyasi haqiqiy bo’lishi va korxona ishlarining real holatiga javob berishi kerak. Brend orqali kompaniya haqida gapirilishi kerak, zero brend manbaalarni kompaniya ichidan oladi.

2. Maqsadli auditoriya bu faqat aniq omillarni toplash emas

Faqat bir toifadagi iste’molchidan umid qilinishi noto‘g‘ri. Agar iste’molchi toifasi chegarasidan chiqishning uddasidan chiqilsa, odamlar faqat sharbat emas, balki mineral suv, yaxna choylarni ichishi mumkinligi, yoki hammaning o’z qiziqishi, ehtiyojlari borligini va sizning mahsulotingiz ularda umuman qiziqish uyg’otmasligi tushunilgan bo’lar edi. Shundagina ularning ro’yxatlarida ancha muncha qiziqarli narsalar topiladi. Agar shu ro’yxatning tuzilishi, uning mantiqi tushunilsa mahsulotning brendga aylanishida ustunlikka ega bo’lish mumkin. Boshqa kategoriyalardagi brendlarning tuzilishi texnologiyasini tahlil qilish kerak, chunki barcha strategiyalar shu paytgacha ishlab chiqib bo’lingan. Eng muhimi – ularni topish, va kompaniya brendini yaratishda to’g’ri qo’llay olish kerak.

3. Belgi yoki nomdan muvaffaqiyat kutmang

Mahsulot belgisi sodda, oddiy bo’lishi kerak huddi “Paynet”ning yashil doirasi kabi. Iste’molchi hayolida paydo bo’ladigan bir lahzali bo’shliqdan unumli foydalanish kerak. Unchalik ham yomon bo’lmagan iste’molchilik xususiyatlaridan biri neyming, ya’ni tovarga nom berish brendni o’ldirishi ham yoki uni ana shu bir lahzalik bo’shliqda iste’molchining ongiga joylashi ham mumkin. Umuman olganda, brend – bu savdo belgisi nomi, logotipi emas, brend – bu mahsulotning barcha elementlari majmui(o’rami, qadog’i, aloqa yo’llari, kommunikatsiya, tajriba va albatta jamoat bahosi)dir.

4. Brend butunligicha ishlaydi

Mahsulot tanlayotib iste’molchi mahsulot tafsilotlariga, dizayniga, yoki reklama xabarlariga yopishib oladi deb o’ylamaslik kerak. Agar brend biron – bir va’da berayotgan bo’lsa, iste’molchi va’dangizni to’laligicha ko’rib chiqishini bugungi kun amaliyoti ham isbotlamoqda. Brend iste’molchi tanlovini osonlashtirishi, unga vaziyatni tez tushunib olishi uchun imkon tug’dirishi hamda mahsulot manbalarini aniqlab berishi kerak. Buning uchun birinchi navbatda iste’molchida mahsulotga bo’lgan ishonchni uyg’otish kerak va bunga haqqoniy yo’l bilan erishish kerak.Chunki iste’molchi mahsulot bilan birinchi tanishuvda (savdoda) unga yetarlicha baho bera olmaydi va mahsulotni tanlanish darajasi pasayib ketishi mumkin bo’lgan xavf paydo bo’ladi. Mana shu yerda brend kuchga kirishi, sifat signalini berishi va birlamchi xavfdan mahsulotni ozod qilishi kerak.

5. O’zgarishlarga amal qiling, zamon bilan hamnafas bo’ling

Brend davrlar orasida o’ziga qiziqish uyg’otib yashashi hamda jamiyatdagi o’zgarishlarga shiddat bilan javob berishi kerak. Hozirda mahsulotlar uyda, oila davrasida hamda ko’chada, do’stlar bilan istemol qilinadigan turlarga bo’linyapti. Maqsadli auditoriya yoshlar bo’lgan, ko’chada iste’mol qilinadigan mahsulotlar yorqin ifodalangan namoyishkorona harakterga ( xursandchilik, baxt) ega. Uyda iste’mol qilinadigan mahsulotlarning vazifasi o’zgacha. Jamiyat tobora jonlanib borar ekan, bitta mahsulotning “ hamma uchun” ligi ozayib boraveradi.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *